UFC prezidenti Ilon Mask va Tsukerbergning oktagonda jang qilishi haqida: “Bu tarixdagi eng katta jang bo'ladi”
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 48
UFC prezidenti Dana Uayt Ilon Mask va Mark Tsukerberg o'rtasidagi ehtimoliy jang haqida gapirib o'tdi.
“Men Mark bilan ham, Ilon bilan ham gaplashdim, ikkalasi ham bunga jiddiy qarayapti. Bu tarixdagi eng katta jang bo'ladi.
Ushbu jang barcha pullik translyatsiyalar rekordini yangilaydi va xayriya uchun ham yuz millionlab dollar yig'adi.
Men insonlarga xohlagan narsalarini beraman. Bu jangni esa hamma ko'rishni xohlaydi. Juda qiziqarli kard yig'sa bo'ladi, oqshomning asosiy jangi esa Mask va Tsukerberg o'rtasida kechadi”, — deydi Uayt.
Eslatib o'tamiz, Twitter’ning yangi egasi Ilon Mask jang san'atlari ishqibozi bo'lgan Meta bosh direktori Mark Tsukerberg bilan jang qilishga tayyorligini ma'lum qilgandi. Facebook asoschisi esa uning chorlovini qabul qilib, “Menga manzilni jo'nat”, — deya yozib qoldirgandi. Bu chaqiriqqa Meta Twitter’ga raqobatchi ilovani ishga tushirish niyatida ekani haqidagi xabar sabab bo'lgan.