Marhum sportchining qotilligi buyurtma bo'lgani aytilyapti
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 6446
Joriy yil iyul oyida qozog'istonlik figurali uchuvchi Denis Ten ko'chada pichoqlanib, halok bo'lgani haqida xabar bergan edik.
Denis Ten qotilligi yuzasidan ochilgan jinoiy ish doirasida uning onasi Oksana Tenning advokati Nurlan Ustemirov qotillik buyurtmaga asosan bo'lgan deb hisoblayapti. “Jinoiy ish materiallari bilan tanishish vaqtida dalillarda qator nomutanosibliklar mavjudligiga e'tibor berdik...
Biz bu buyurtma asosidagi jinoyat deb hisoblaymiz”, degan advokat sud eshituvida. Shu munosabat bilan jabrlanuvchi tomon ishni prokuraturaga qaytarish bo'yicha rasmiy iltimos bilan chiqqan. Advokatning fikricha, qo'shimcha tekshiruv vaqtida qotillarning sherikalari aniqlanishi kerak.
Ma'lumot uchun, mazkur ish yuzasidan uch kishi hibsga olingan. Ular Arman Kudayberganov, Nurali Kiyasov va Janar Tolibaev. 25 yoshli Denis Ten 2014 yil Sochida o'tgan qishki Olimpiya o'yinlarida figurali uchish bo'yicha bronza medali sohibi bo'lgan. Bundan tashqari, figurali uchish bo'yicha 2013 va 2015 yillardagi jahon chempionatlarining bronza va kumush medali sovrindori.