Xasbik «Sevilya» tomon-mi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 57
Dog'istonlik mashhur bloger Xasbulla Magomedov katta futbolga ham bosh suqdi.
Hozircha ELga. «Yuventus» va «Sevilya» o'rtasidagi turnir yarim finali translyatsiyasida mitti yulduz portreti tushirilgan banner ko'zga tashlandi. Aslida «Sevilya» muxlislari Xasbikka ancha oldin e'tibor qaratishgan. Deylik, fanatlar guruhi rossiyalik blogerni milliy folklorning bir qismiga aylantirib ulgurgan. Hattoki, Xasbik va buyuk Diego Maradona bitta «ramka»ga solingan ajoyib stiker ham bor.
Aytish joiz, Xasbik va Maradona tasviri «Sevilya»ning «Tvitter»dagi rasmiy sahifasiga olib chiqilgan. Stikerda jarangdor yozuv ham bor. Andalusiyada argentinalik marhum afsonani nihoyatda qadrlashlari sababi ma'lum. Lekin Xasbik-chi... Aftidan, uni Sevilya chetidagi ovloq joylarda ham yaxshi ko'rishadi. Har holda, translyatsiyada ko'ringan bannerda Tomares yozuvi ham bor edi. Tomares - Andalusiya provintsiyasi poytaxti tevaragidagi kichik shaharcha. Ko'rinishidan, Turinda aynan tomareslik muxlislar banner ko'tarishgan.
Umuman, dog'istonlik internet yulduzini faqat Sevilya emas, Ispaniyaning boshqa shaharlarida ham yaxshi ko'rishadi. Xususan, o'tgan mavsum «Levante» muxlislari «Kadis»ga qarshi muhim o'yinda Xasbik «figura»sini namoyish etishgandi. Ammo bu yordam bermadi va klub quyi ligaga tushib ketdi, baribir. O'z o'rnida aytish kerak, Xasbikning o'zi hamon muammolar girdobida: u Dog'istonda yo'lni to'sib qo'ygani uchun hibsga olingandi. Aniqrog'i, blogerga tegishli kompaniya to'y bazmi bahona ko'chalardan birida harakatni butunlay cheklab qo'ygan. To'g'ri, Xasbulla politsiya mahkamasida uzoq qolmadi, qolaversa, u qilmishi uchun barchadan rasman uzr ham so'radi: «Biroz shov-shuv ko'tarishni xohlagandik. Qora xayp. Bunaqasi boshqa takrorlanmaydi, xalq. Uzr. Ozgina chegaradan chiqdik va buning uchun javob berishimga to'g'ri keldi», - deb yozdi Xasbulla Magomedov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Manba: «Interfutbol» gazetasi